— Turmush o`rtog`im tatar millatiga mansub, men esa o`zbekman. Bu yil qizimiz 16 yoshga to`ladi. Odatda bolaning millati otasining millatiga ko`ra belgilanadi. Ammo qizim pasportiga o`zbek millatiga mansubligi yozilishini istaydi. Qizimga biometrik pasport olayotganimizda o`zbek millatiga mansubligini tanlash huquqiga egami?
Elvida, Chirchiq shahri
— «O`zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 19 yoshga to`lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to`g`risida»gi Nizomning 21-bandiga ko`ra, pasport yoki harakatlanish hujjatini rasmiylashtirish jarayonida bolaning millati ota-onalarning millati bo`yicha aniqlanadi, agar ota-onalar turli millatlarga mansub bo`lsalar, pasport yoki harakatlanish hujjatini berishda fuqaro yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxsning millati pasport yoki harakatlanish hujjatini oluvchining xohishiga ko`ra otasi yoki onasining millati bo`yicha yoziladi. Demak, qizingiz pasportini rasmiylashtirayotganda ikki millatdan birini tanlash huquqiga ega.






