Yuqori texnologiyalar tobora kundalik hayotimizning ajralmas qismi bo`lib bormoqda. MyZone kompaniyasi olimlari ishlab chiqqan “elektron shifokor” buning yana bir isboti.
MyZone kompaniyasi olimlarining kashfiyoti sabab endi kun davomida sog`ligingizni tekshirib boruvchi gadjet yaratildi. Gadjet yurak urishi, qon bosimi va boshqa ma`lumotlarni ko`rsatib boradi. Sizdagi o`zgarishlar haqida ogohlantirib boradi. Bu gadjet ayniqsa sportchilar uchun ayni muddao ekanligi aytilmoqda.
— Elektron jajjigina gadjet tezkor funksiyalarga ixtisoslashgan bo`lib, tezlikni o`lchash, yurak urish tezligini aniqlash va foydalanuvchi haqida boshqa ma`lumotlarni tez va aniq markazga berib boradi, — deydi kompaniya rahbari Deyv Rayt gadjet haqida. — Bu esa sportchining holatini tez va o`z vaqtida aniqlash imkonini beradi. Biz avvallari sportchilarning yurak urishini ularning qo`l harakatlariga bog`liq deb bilar edik, lekin mazkur qurilma bizning tasavvurimizni butkul o`zgartirib yubordi.
Kashfiyotchilar e`tiroficha, bu ixtiroga ayni kunda cog`liqni saqlash tizimidagilar katta qiziqish bildirmoqda. Sababi, bu ixtiro orqali turli ichki kasalliklardan ertaroq boxabar bo`lish mumkin ekan. Kompaniya direktori o`rinbosari Mayk Pelet qurilmaning sog`liqni saqlash xizmatiga afzalliklari haqida shunday deydi:
— Qishloq aholisining ko`p qismi sog`liqni saqlash xizmatlaridan doim ham foydalana olmaydi. Bu qurilma ularni kun davomida nazorat qilib boradi va ularning elektron shifokorlariga aylanishi turgan gap.
Gadjet narxi hali e`lon qilinmadi, lekin dunyo sog`liqni saqlash xizmati allaqachon mazkur kompaniya bilan istiqbolli shartnoma imzolaganliklari aytilmoqda.






