10-19 avgust kunlari Amerika Qo`shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida an`anaviy “Holly Shorts” qisqa metrajli filmlar festivali bo`lib o`tdi. Unda butun dunyo kinoijodkorlari 30 dan ortiq yo`nalish bo`yicha 40 daqiqali va undan ham kamroq hajmli badiiy filmlari bilan ishtirok etishdi. Mazkur festivalda o`zbekistonlik yosh rejissyor Anvarjon Madraimov ham qatnashdi va 20 daqiqali “Tug`ilgan kun otkritkasi” (“A Birthday Card”) filmi bilan “Best Youth” (“Yoshlik yo`nalishi bo`yicha eng yaxshi film”) nominasiyasi g`olibi bo`ldi. Nyu-York kinoakademiyasida tahsil olayotgan Anvarni tabriklash maqsadida u bilan bog`landik...

— Anvar, avvalo g`alaba bilan tabriklaymiz!
— Katta rahmat, juda xursand bo`ldim! Mazkur kichik yutug`im eng ulug` bayramimiz — Mustaqilligimizning 26 yilligi uchun tuhfa bo`lganidan boshim ko`kka etdi.
— Nega aynan bu mavzuga qo`l urdingiz?— Boisi “abort” xalqaro miqyosdagi dolzarb mavzu. Gohida mavjud vaziyat, ruhiy kemtiklik ikki tanlov orasida turgan kishi uchun noto`g`ri qaror chiqarib qo`yadi. Filmda yoritilgan falsafiy fikrlardan xulosa chiqarish esa tomoshabin izmida.
— Yosh rejissyor sifatida aktyorlar bilan ishlash qiyin kechmadimi?
— Aktyorning ishonchini qozona olish bu — rejissyorning asosiy vazifasi. Yo`qsa, ular ijodkor sifatida yuz foizli imkoniyatini yuzaga chiqarmaydi. Ishning to`g`ri yo`lga qo`yilgani ham aktyordagi rejissyorga bo`lgan ishonchni ta`minlaydi. Ustozlarim bergan saboq va juda ko`p kitob o`qiganim ham bu borada yaqindan ko`mak berdi. Film 4 kun suratga olingan bo`lsa-da, tayyorgarlik jarayoniga 3 oy sarflaganmiz. Bu kinokartinaning poydevori mustahkam bo`lishiga xizmat qiladi.
— Hakamlar hay`ati 65 davlatdan tashrif buyurgan qatnashchilarning 4 mingga yaqin ishini ko`rib chiqqanida 400 ta tanlab olinganlar ro`yxatidan joy olishingizga ishonganmidingiz, g`olib bo`lishingizga-chi?
— Saralash jarayonida 200 tagina qisqa metrajli filmlarni ko`rdim. Orasida mazmunli kinokartinalar etarli edi. Do`stlarim mening filmimni ham maqtashdi, xursand bo`ldim. Lekin g`oliblik xayolimga ham kelmagandi. Rosti, ism-sharifim e`lon qilinganida hayron bo`ldim. Xursand bo`lgan jihatim esa meni “Eng zo`r yosh kinematografiyachi”, deya e`tirof etishdi. Bugungi kunda kino bilan shug`ullanayotganlar juda ko`p, raqobat ham shunga yarasha, ayniqsa Amerikada. Men ham aynan raqobat kuchli davlatda o`zbek farzandi sifatida yutuqqa erishganimdan quvondim.
— Asli rejissyorlik sohasiga qiziqish uyg`onishiga nima turtki bo`ldi?
— Bolaligimda bir vaqtning o`zida rasm chizish to`garagi va musiqa maktabiga borardim. Asarlarimda qandaydir voqelikni aks ettirishga urinardim. Biroq birgina rasmda yoritmoqchi bo`lgan mavzumni sig`dirolmasligim turgan gap edi. Shu jarayonda eng munosib yo`nalish bu — film, degan qarorga kelganman. Ota-onamni meni Amerikaga yuborishlariga ko`ndirdim. “Kino sohasida qaysi institut mukammal ta`lim berarkin?” degan savol bilan ko`p izlandim va Nyu-York kino akademiyasi bu sohani “nol”dan o`rgatishini aytishdi va shu tanlovda to`xtaldim.

— Demak, Toshkentda kino sohasi bo`yicha o`qimagansiz?
— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi gimnaziyada, undan so`ng Turin politexnika universiteti qoshidagi liseyda tahsil olganman.— Nyu-York kinoakademiyasida tahsil olishdan maqsad qiziqish ustunligimi yo Vatan oldidagi farzandlik burchini ado etish?
— O`rinli savol! Kino sohasida O`zbekistonda ham tahsil olsa bo`ladi. Lekin Los-Anjeles kinematografiyaning yuragi. Maqsadim dunyo talabiga javob beradigan film ishlash sirlarini o`rganib, o`z yurtimizdagi kino rivojiga yanada munosib, sezilarli darajada hissa qo`shish. Tariximiz, madaniyatimiz juda boy. Shunday ekan, shonli o`tmishimizni butun dunyoga munosib ravishda ko`rsatish bizning qo`limizda. Nyu-York kinoakademiyasining kinematografiya fakultetida har bir rejissyor bilishi shart bo`lgan montaj, dublyaj, ovoz yozish kabi ko`plab yo`nalishlarda saboq beriladi. Lekin ssenariy yozish va rejissura darslari ko`proq o`qitiladi.
— Toshkentga qaytgach, aynan qaysi tarixiy siymolarimiz haqida filmlar suratga olmoqchisiz?— Aslida triller, drama, tragediya janrlarida ijod qilishni yoqtiraman. Kareramni ham aynan shu janrlarda yaratmoqchiman. Komediyada zinhor ishlamayman. Savolga aniq javob bersam, bizda Amir Temur, Ulug`bek, Ibn Sino kabi tarixiy shaxslarimiz, To`marisdek jasorat egalari etarli. Filmlarimda hech kimda yo`q madaniyatimiz, o`zbek taomlari, tanti o`zbek xalqining mehri daryoligini aynan tarix va yuqorida sanagan tarixiy siymolarim orqali yoritishni reja qildim. O`zim xorijda bo`lsam-da, yurtimizdagi kinoga doir jarayonlarni muntazam kuzatib boryapman. Prezidentimizning 7 avgust kuni qabul qilingan “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarorini o`qib, juda quvondim. Mazkur qaror madaniyat va san`at, xususan, milliy kinematografiya sohasida ulkan voqea bo`ldi. Shu ma`noda yuqorida ta`kidlaganimdek, kinoijodkor aniq ijodiy rejasini belgilab olishi, yangicha ishtiyoq bilan ishlashi shart va bu ham qarz, ham farz.

FAKT:
● Anvar Madraimov 1995 yilning 27 fevralida Toshkent shahrida tavallud topgan.
● 2013 yildan beri Nyu-York kinoakademiyasida tahsil oladi.

Film haqida:
Ikki farzandi bor film bosh qahramoni oldida rejalashtirilmagan homilani dunyoga keltirish yoki undan voz kechish masalasi turibdi. Ayol “abort” qilish kunini belgilaydi, bir kun avval esa tug`ilgan kuni. Ayolning turmush o`rtog`i va bolalar birgalikda uning tug`ilgan kuniga “otkritka” tayyorlashadi. Baxtli to`laqonli oila aks etgan aynan shu sovg`a ayolning to`g`ri tanlov qabul qilishiga sabab bo`ladi.
O`ziga xos dalillar:
● Ssenariy muallifi Anvar Madraimov. Ingliz tilidagi ssenariyni takomillashtirish uchun qo`shimcha muallif taklif qilingan.
● Montajga 4 oy, dublyaj ishlariga 4 oy vaqt ketdi.
● Jami ijodiy guruh a`zolari soni: 30 ga yaqin, aktyorlar 5 ta.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi






