AsosiySUG'DIYONA

​OLTIN FASL NE`MATLARIDAN BAHRA OLAMIZ!

'​OLTIN FASL NE`MATLARIDAN BAHRA OLAMIZ!'ning rasmi

Fasllar ruhiyatimizga ta`sir o`tkazmasdan qolmaydi. Kuz fasli hayot, borliq, o`tmish va kelajak haqida o`ylashga, biroz fikr yuritishga undashi ham sir emas. Kuz yomg`iri, quyoshning sovuqqa taslim bo`lmasdan kulib boqishi, jimjitlik bizni mahzunlik sari etaklaydi. O`ylab ko`ring, ob-havoning qovog`iga qarab, uch oyni tushkun kayfiyatda o`tkazmoqchimisiz? Hecham-da, biz bunga yo`l qo`ymaymiz! Kuz eshik qoqayotgan pallada bizning takliflar bilan tanishib chiqsangiz, bas!


  • O`zingiz uchun!

Quyosh nurlaridan bahra oling

Yoz bo`yi toqqa chiqdingiz, bog`u bo`stonlarni sayr qildingiz, sharqiragan suvlarda cho`milib, bahri dilingiz ochildi. Endi kuz tarovatini his qiling. Yolg`iz o`zingiz xazonlar oralab, nimjongina novdalaridan uzilay-uzilay deyayotgan yaproqlarning shivirini eshitib, sayr qiling! Kulib turgan quyoshga tik boqing, bulut va xazonlar orasidan mo`ralab, yuzingizga yog`ilgan nur dilingizni barcha charchoq va g`uborlardan tozalaydi. Qo`rqmang, kuz quyoshi kuydirmaydi!

«Men hammangizni yaxshi ko`raman!!!»

Kuzning shirindan-shakar mevalari bilan sumkangizni to`ldirib, do`stlaringiz va yaqinlaringiz holidan xabar oling. Samimiy suhbatlar quring, birga tushgan suratlaringizni tomosha qilib, yaxshi xotiralarni yod eting. Yoki eski qadrdonlar bir yig`ilib, kichik bazm uyushtiring. Bejirim stol atrofida, chaq-chaqlashib suhbat qurganga nima etsin? Ko`rasiz, bu sizga xotirjamlik bag`ishlaydi. Tushkunlik ustidan g`olib kelasiz, dilingiz yayraydi.

Vaqt sizni kutib turmaydi

Har kungidek ishdan chiqishingiz bilan «Bolamni bog`chadan olishim, ovqat tayyorlashim, kir yuvishim kerak», deya uyga shoshilmang. Yumushlarni bir kungina turmush o`rtog`ingiz gardaniga yuklang. Axir bu kunlar ham g`animat. Ishdan chiqib, biroz yayov yuring, yo`l-yo`lakay biror o`rindiqqa o`tiring-da, yoqtirgan kitob yoki jurnalingizni varaqlang. Hajviy yoki romantik asarlar o`qisangiz ham bo`ladi. Vaqtga ahamiyat bermang, u baribir sizni kutib turmaydi. Uy yumushi va ro`zg`orning hech tuganmas g`ala-g`ovuri bilan ham vaqt eldek uchib boraveradi. Bu faqat o`zingiz uchun, hayotni qadrlashingiz, tabiatdan zavq olishingiz uchun kerak!

O`zingizni yangidan kashf eting!

Dugonalaringiz birgalikda do`kon aylanishga yoki ovqatlanishga boring. Agar turli bahonalar bilan sizni rad etishsa, hech ham xafa bo`lmang! Bu o`zingizni anglashingiz uchun qulay imkoniyat. Eng sevimli libosingizni egningizga ilib, otlaning. Do`konlarni aylaning va nimani yoqtirsangiz, o`shani xarid qiling. Axir yoningizda «Rangi senga yarashmadi», deya tanqid qiluvchilar yo`q. Faqat o`zingizning istagingiz bor, xolos. Shinamgina qahvaxonaga kirib, istagan shirinligingiz yoki taomingizni buyurtiring va paqqos tushiring.


  • Butun oila jam bo`lib

Sayrga chiqing!

Oila bekasi sifatida tashkiliy ishlarni o`z qo`lingizga oling. Bolalar zerikkanini bahona qilasizmi yoki havoning ajoyibliginimi, xullas, juftingizni oilaviy sayrga chiqishga ko`ndiring. Bolalarga ham erkinlik bering, istagan o`yinlarini o`ynashsin, siz esa juftingiz bilan dildan suhbat quring. Anchadan buyon bunday imkoniyatga ega bo`lmagandirsiz. Aslo ish va uydagi muammolarni gapirmang. Shunchaki dilingizni oching, kechinmalaringiz, farzandlaringiz kelajagi haqida gaplashing! Yomg`ir shitirlasa, darrov uyga qaytmang, soyabonni oling-u sayrni davom ettiravering. Ishonamizki, bir necha oyga tatigulik quvonch bilan qaytasiz uyga!

Sirk va teatr esdan chiqmasin!

Teatr — madaniy hordiq chiqarish uchun ajoyib tanlov. Aktyor-aktrisalarning jonli ijrosini tomosha qilishga hech kim befarq bo`lmasa kerak. Agar bolalaringiz hali yosh bo`lishsa, sirk namoyish etiladigan biror kunni aniqlang. Bolaringiz bolalikni sirksiz his qila olishmaydi, axir!

Mehmonlarni chaqiring!

Anchadan buyon ko`rmagan qavm-qarindoshlaringizni mehmonga chaqiring yoki o`zingiz ularnikiga tashrif buyuring. Ular ham, siz ham bir dildan suhbatlashib, ko`nglingizni ochasiz. Agar alohida istiqomat qilsangiz, har ikki tomonni birdek chaqirib, bir dasturxon atrofida yig`iling. Shirin taomlar bilan ularni siylang. Hamma sizdan minnatdor bo`ladi. O`zingiz ham!


  • Go`zallik va salomatlik

Barcha tekshiruvlardan o`ting!

Yil bo`yi sizga ozor berib kelayotgan xastalikdan qutulishning vaqti etdi. Shifokorga borib, barcha tekshiruvlardan o`ting. Axir bu yog`i shamol, yomg`ir, bulutli kunlar. Zaxira vitaminlaringiz kuzni qarshilashga etadimi? Balki biror muolaja qilishingiz, tishlaringizni turli kasalliklardan qutqarishingiz lozimdir. Xullas, nima bo`lganda ham, tibbiy tekshiruvni kechiktirmaganingiz ma`qul.

Oynaga bir qarang!

Anchadan buyon bir xil ko`rinishda ish yoki o`qishga qatnayotgan bo`lsangiz kerak. O`zingiz ham yon-atrofdagilar ham sizdan zerikishgani aniq. Axir yozning issiq kunlarida sochingizni bir xil yig`ishtiraverganingizdan jilosi ham qolmagandir. Buning ustiga, quyosh har qanday sochga ta`sir etmay qo`ymaydi. Tezroq go`zallik saloniga yo`l oling. Mutaxassis bilan maslahatlashing, balki kokillaringizning bir qismi bilan xayrlashib, rangini o`zgartirishga to`g`ri kelar. Yuzdagi dog`, sepkillardan xalos bo`lish uchun ayni piling mavsumi ham kuz! Demak, fursatni qo`ldan chiqarmaslik shart (keyingi sonlarimizda bu mavzu yuzasidan to`liq ma`lumot beramiz).

Voy, TO`LIShAYaPSIZ!

Zudlik bilan buning oldini olishingiz zarur. Sport bilan shug`ullaning, fitnes yoki suzish mashg`ulotlariga qatnang, vaqtingiz tig`iz bo`lsa, biroz ertaroq turing-da yuguring.


  • Qilishingiz shart

Hovli-bog`larni saranjomlang!

Agar ko`pqavatli uyda tursangiz, yumushingiz ancha oson. Lekin shunday bo`lsa-da, quvur va elektrlarni bir ko`rikdan o`tkazib oling. Tomdan yoki yuqori qavatdagi uydan namlik o`tmayaptimi, aniqlashtiring. Keng hovlining bekasi bo`lsangiz, gullaringizni gultuvakka o`tkazing. Chunki ha demay sovuqqa bardosh berolmay qolishadi. Bog`ni obdon ko`zdan kechirib, erto`laga olib qo`yiladigan dastgohlarni tozalab joylashtiring. Bog`ni xazonlardan va qurigan shoxlardan tozalang. Ariqlar yo`nalishini ko`zdan kechiring, yomg`ir yoqqanda hovli etagiga chiqib ketishi mumkin. Tom ustini ham nazardan chetda qoldirmang! Ta`mirtalab joylarni, albatta, to`g`irlating! Uy yumushlari ham yoddan ko`tarilmasin, pardalarni yuving, o`rin ko`rpalarni quyoshli kunda 1-2 soatga yoying, oyna va oshxona buyumlarini ham tozalang.

Muhimi, to`yni qoldirmang!

Baxt to`yingizni nishonlash uchun yozning issiq kunlarida imkoniyat bo`lmagan bo`lsa, kuzda ham bemalol o`tkazishingiz mumkin. Ob-havoning sovushini sabab qilib to`yni kechiktirmang! Qaysi faslda bo`lmasin, muhimi, sizning baxtingiz ekanini unutmang! Mayli, shamol bo`lsin, bulut qovog`ini osib tursa ham, rozimiz, istasa, yomg`ir ham sizga qo`shilib ko`z yosh to`ksin! Ammo tabiatning bunday injiqliklari sizning kayfiyatingizga aslo ta`sir o`tkazolmasin. Unutmang, kuzning ham o`z tarovati bor.

GULIRA`NO tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar