AsosiyJamiyat

ISLOM SIVILIZASIYaSI MARKAZI YaNGI DIZAYNDA BARPO ETILADI

'ISLOM SIVILIZASIYaSI MARKAZI YaNGI DIZAYNDA BARPO ETILADI 'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev 1 sentyabr kuni Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida bo`lib, mazkur markaz loyihasi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda muqaddas dinimizni, ulamolarimizning boy merosini o`rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga aloihida e`tibor qaratilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilmoqda, Sherobod tumanidagi Abu Iso Muhammad Termiziy, Qarshi tumanidagi Abul-Mu`iyn Nasafiy ziyoratgohlari va boshqa qadamjolarda qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilmoqda.

Bu kabi xayrli ishlar yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo`llab-quvvatlanmoqda. Shularni inobatga olib, davlatimiz rahbari Islom madaniyati markazi nomini Islom sivilizasiyasi markazi, deb o`zgartirish taklifini bildirdi.

Loyihaga ko`ra, ushbu markazda akademiya, kutubxona, arxiv va qo`lyozmalar fondi tashkil etilib, ularni bugungi O`zbekiston zaminidan etishib chiqqan buyuk mutafakkirlar va ulamolar tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo`lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yo`nalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, video va foto hujjatlar bilan boyitish, 300 o`rinli konferensiya zali barpo etish ko`zda tutilgan.

Biz ajdodlarimiz bilan doimo faxrlanib kelganmiz, dedi davlatimiz rahbari. Shunday ekan, o`zimiz ham ularga munosib bo`lishimiz kerak. Tashkil etilayotgan markazda ham buning uchun barcha sharoitlarni yaratish, etuk olimlarni jalb qilish lozim. Mazkur sohaga oid adabiyotlarni jamlash, chet ellarda bo`lsa, yurtimizga olib kelish choralarini ko`rish zarur. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi diniy yo`nalishdagi to`qqizta o`rta maxsus va ikkita oliy ta`lim muassasasi ham markaz ixtiyoriga o`tkaziladi. Bu erda saboq beradigan o`qituvchilar bilimi va saviyasiga alohida e`tibor qaratish darkor.

Shavkat Mirziyoev markaz qurilishi bo`yicha taqdim qilingan loyihaga alohida e`tibor qaratdi.

Bu markaz bizning islom dini targ`ibotidagi yuzimiz bo`ladi. Shunday ekan, uning tashqi ko`rinishi, bu erda ishlatiladigan qurilish materiallariga ham e`tibor qaratish lozim. Odatdagi, ko`zimiz o`rganib qolgan loyihalardan voz kechib, yangi shakl va dizayn topishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Loyihalarda markaz qurilishi munosabati bilan boshqa joyga ko`chiriladigan aholi uchun barpo etiladigan yangi zamonaviy uy-joylar haqidagi ma`lumotlar ham o`z aksini topgan, deya xabar qilindi O`zbekiston prezidenti rasmiy saytida.

    Boshqa yangiliklar