Bunda asosiy e`tibor jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilmoqda. Lekin ayrim kishilar tomonidan qonunlarni chetlab o`tishga urinish yoki qasddan buzish holatlari uchrab turibdi.O`tgan hafta (20-26 avgust kunlari) davomida mamlakatimiz hududida 659 jinoyat sodir etilgan. Bu borada oldingi haftaga nisbatan kamayish (76 taga) kuzatilgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ma`lum qildi, deb yozadi O`zA.
Sodir etilgan jinoyatlar tafsilotlari Ichki ishlar vazirligining tegishli sohaviy xizmatlari rahbarlari, viloyatlar IIBlari boshliqlari, ularning o`rinbosarlari va sohaviy xizmatlari rahbarlari, tuman va shaharlar IIB boshliqlari va ularning o`rinbosarlari, jinoyat sodir etilgan hududga biriktirilgan profilaktika inspektorlari ishtirokida batafsil muhokama qilindi.
– Sodir etilgan jinoyatlar bo`yicha tuzilgan tergov-tezkor guruhlari faoliyati natijasida 585 jinoyat “izi yo`qolmasdan” fosh etildi, – deydi IIV axborot xizmati rahbari To`lagan Abdullaev. – Jinoyatlarni sodir etgan 1 ming 22 shaxs, jumladan, ish joyiga ega bo`lmagan, muqaddam sudlangan shaxslar, shuningdek, 64 jinoiy guruh aniqlandi.
O`tkazilgan tezkor-profilaktik chora-tadbirlar natijasida qotillik, talonchilik, nomusga tegish, firibgarlik, o`g`rilik, qasddan badanga tan jarohati etkazish kabi jinoyatlar kamaygani kuzatilgan.
Qidiruvda yurgan 151 shaxs ushlangan va 19 bedarak yo`qolgan kishi topilgan. Ilgari sodir etilib, ochilmasdan qolgan 65 jinoyat fosh etilgan.
Jinoyatlarning tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, hafta davomida qayd etilgan qotilliklarning 2 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida, qarindoshlar o`rtasidagi kelishmovchiliklarga barham berilmaganligi oqibatida Qibray va Oltiariq tumanlarida sodir etilishiga yo`l qo`yilgan.






