AsosiySUG'DIYONA

ENAGALARGA IShONSA BO`LADIMI?

'ENAGALARGA IShONSA BO`LADIMI?'ning rasmi

Ko`zingizning oqu qorasiaziz farzandingizni ba`zan opa-singlingizga ham ishongingiz kelmaydi. «Qo`lidan tushirib yuborsa-ya, qorni och qolsa-ya» degan hadikda bo`lasiz. Ammo majburiyat tufayli yoki vaziyat taqozosi bilan bolalarini o`zlari parvarish qilishga imkonsiz yosh onalar enaga yollashga majbur bo`lishadi. Xo`sh, bu borada nimalarga e`tibor berish kerak? Mavzu shu haqda.

ONAMI YoKI ENAGA?!

Ona o`z his-tuyg`usiga ishongan holda boladagi o`zgarishlarni sezadi. Enaga esa o`z tajribasi, olgan bilimlari va ko`nikmalariga suyanadi. Yoshi katta buvijonlarga har kuni kichik yoshdagi, balki oylik chaqaloqlarni tashlab ketolmaysiz. Ular ba`zan yig`isini eshitmay qolishlari, ba`zan esa o`ynab yuribdi-ku deb, nazoratni salgina susaytirishlari ham mumkin. Ammo mas`uliyatli buvilarimiz ham yo`q emas. Lekin baribir, agar sizda tanlash imkoni bo`lsa, volidangiz yoki qaynonangizga keksalik gashtini surishga izn bering-da, enaga xizmatini o`ylab ko`ring.

SURIShTIRUVNI BOShLAYMIZ...

Enaga yollash va unga haq to`lash bir muammo bo`lsa, farzandingizni ishonib topshiradigan insonni topishning o`zi mushkul. Axir birinchi uchragan kishiga kim ham o`z bolasini ishonardi. Bugungi kunda maxsus agentliklar enagalarni tavsiya qiladi. Ular xodimlarining, ya`ni o`zlari tavsiya qilgan enagalarning ish sifatiga kafolat berishadi. Lekin siz bu agentlik emas, balki dugonangiz tavsiya qilgan biror enagaga murojaat qilmoqchi bo`lsangiz, undan avvalgi ishlagan joyidan tavsifnoma olib kelishini so`rang. Ish faoliyati 1 yildan kam bo`lgan enagalarga yaxshisi murojaat qilmaganingiz ma`qul. Shuningdek, 20 yoshga to`lmagan va 55 yoshdan oshganlar ham bu lavozimga to`g`ri kelmaydi. Chunki birining hali tajribasi yo`q, ikkinchisi esa bola parvarishidan charchab qolishi mumkin.

TALABLARINGIZNI ANIQLAShTIRING

Enaga bilan avvaldan kelishuv, ya`ni bitim imzolab, talablaringizni ma`lum qiling. Masalan, bolangiz soat nechada uxlashi kerak, qachon ovqatlanadi, bir kunda qancha vaqt ochiq havoda sayr qilishi lozim. Agar ma`qul kelsa, enaga bolani istirohat bog`lariga, teatr va ko`ngil ochar maskanlarga ham olib borishi mumkin. Shuningdek, enaga tanlayotganda farzandingiz qo`shimcha bilim olishini istaysizmi yoki salomatligiga urg`u bergingiz kelayaptimi, shunga ham e`tibor qiling. Chunki enagalar pedagog yoki tibbiyot xodimlari ham bo`lishi mumkin.

KAMChILIKLARI BO`LSA-ChI?

Agar enaga sifatida uzoqroq qarindoshingiz yoki qo`shningizni tanlasangiz, munosabatlaringizni saqlab qolish uchun ayrim xatolariga ko`z yumishingizga to`g`ri keladi. Albatta, katta xatolar bundan mustasno. Shuning uchun bu borada juda e`tiborli bo`ling.

Iroda ASILBEKOVA tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar