O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va “Jahon tamadduni tarixida Markaziy Osiyo Renessansi” xalqaro anjumanida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo`lib turgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Taleb Rifaini qabul qildi.Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, BMTning turizm sohasidagi ixtisoslashgan instituti bilan hamkorlik jadal va samarali kechayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
O`zbekiston Jahon sayyohlik tashkilotiga 1993 yilda a`zo bo`lgan. 2004 yildan Samarqand shahrida ushbu tashkilotning Buyuk ipak yo`li bo`yicha mintaqaviy ofisi faoliyat yuritmoqda. Hamkorlik natijasida o`tgan davrda O`zbekistonning turizm sohasidagi salohiyatini ro`yobga chiqarish hamda jahon turizm bozorida targ`ib qilishga qaratilgan o`nlab muhim loyihalar amalga oshirildi.
2014 yil oktyabr oyida O`zbekistonda tashkilot Ijroiya kengashining 99-sessiyasi muvaffaqiyatli o`tkazildi, unda sayyohlik sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va “Buyuk ipak yo`li” brendini keng ommalashtirish bo`yicha Bitim imzolandi.
Uchrashuvda turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning istiqbolli yo`nalishlari muhokama qilindi.
O`zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bo`ylab sayohatlarni ommalashtirish bo`yicha o`zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko`rish, turizmning yangi turlarini rivojlantirish va xaridorgir turizm mahsulotlari ishlab chiqish, xalqaro andozalarga javob beradigan zamonaviy infratuzilma yaratish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Taleb Rifai Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi hamda O`zbekistonda turizm sohasini iqtisodiyotning strategik tarmog`i sifatida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.
Bosh kotib Jahon sayyohlik tashkiloti O`zbekistonda turizmni rivojlantirishga doir dastur va loyihalarni faol qo`llab-quvvatlash va ularda ishtirok etishga tayyor ekanini ta`kidladi






