O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 avgust kuni Samarqandga keldi. Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi, debxabar beradi O`zA.
Shavkat Mirziyoev Islom Karimov qabriga gul qo`ydi. Qur`on tilovat qilindi.

Prezidentimiz bu erda amalga oshirilayotgan ishlarni ko`zdan kechirdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda.
Prezidentimiz 2017 yil 14 aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog`ida ushbu maqbara loyihasi bilan tanishib, uni takomillashtirish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edi. Shu asosda bu erda ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Maqbara marmar va granitdan bunyod etilgan, Qur`on oyatlari bilan bezatilgan. Ayvon peshtoqlariga Islom Karimovning hikmatli so`zlari o`zbek, ingliz va arab tillarida bitilgan. Majmua atrofi kengaytirilib, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Birinchi Prezidentimiz maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uyg`unlik kasb etgan.
Shavkat Mirziyoev majmuadagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakuniga etkazish, ziyoratchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, qabristonni obod qilish bo`yicha tavsiyalar berdi.






