Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan mahalla fuqarolar yig`inlari, ta`lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta`minlash yuzasidan keng ko`lamli profilaktika tadbirlari o`tkazilmoqda, deya xabar berdi UzA.
Joriy yil 17 avgustdan 24 avgustga qadar badanga og`ir shikast etkazish, nomusga tegish, bezorilik, o`g`irlik va firibgarlik kabi qayd etilgan 107 jinoyatning 92 tasi tezkor-tergov harakatlari natijasida fosh etildi. Qidiruvda yurgan 27 nafar shaxs ushlandi.
Olmaliq shahrida noma`lum shaxs tomonidan uyda hech kim yo`qligidan foydalanib, jabrlanuvchining 20 million 350 ming so`m puli va umumiy narxi taxminan 1 million 800 ming so`m bo`lgan tilla buyumlari o`g`irlangani fosh etildi. Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida jinoyatchi Angren shahrida yashovchi fuqaro ekani aniqlanib, tezda ushlandi. Ushbu holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Quyi Chirchiq tumanida firibgarlik yo`li bilan odamlar ishonchini suiiste`mol qilib, “tez orada pulini beraman”, deb aldab, umumiy narxi taxminan 9 million 500 ming so`m bo`lgan 5 bosh qora mol olib, pulini shu kunga qadar qaytarib bermagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
2017 yilning fevral oyida ichki ishlar podpolkovnigi kiyimida firibgarlik yo`li bilan Zangiota tumanida yashovchi nafaqaxo`r onaxonning umumiy narxi taxminan 15 million so`m bo`lgan tilla buyumlarini olib, shu kunga qadar qaytarib bermagan shaxs ham ushlandi. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov ishi olib borilmokda.
Profilaktika inspektorlari joylarda yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslarni ushlash bo`yicha jamoatchilik bilan hamkorlik qilmoqda. Har bir mahalla hududida ichki ishlar xodimlari ish samaradorligini yanada oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolatni qaror toptirish, joylarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.






