2017 yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n birinchi yalpi majlisi bo`lib o`tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a`zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar,ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, debyozadi O`zA.
Majlisda senatorlar O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni etib dekabr oyining ikkinchi yakshanbasini belgilashni nazarda tutuvchi “O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligi xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining qonunini ko`rib chiqdilar.
Senatorlar qishloq xo`jaligida chuqur iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish natijasida agrar tarmoqning bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan yangi tizimi shakllanganligini qayd etdilar. Hozirgi vaqtda 3,6 million xodim va xizmatchi agrar tarmoqda faoliyat ko`rsatmoqda. Qishloq xo`jaligining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 17,2 foizni, yillik o`sish 6-7 foizni tashkil etmoqda.
Bunday natijalarga erishishda tarmoqning barcha xodimlari va xizmatchilari – fermerlar, dehqonlar, mexanizatorlar, pillachi va chorvadorlar, qishloqdagi tadbirkorlar, agrar sektorda faoliyat ko`rsatayotgan mutaxassis hamda olimlarning roli katta.
Senatorlarning fikricha, “O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligi xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi qishloq mehnatkashlari jonbozligining, davlat mustaqilligini mustahkamlashga, mamlakat gullab-yashnashiga ular qo`shayotgan hissasining e`tirof etilishidir. Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






