AsosiyJamiyat

AQSh KINO FESTIVALIDA G`OLIBLIKNI QO`LGA KIRITGAN O`ZBEK REJISSYoRI

'AQSh KINO FESTIVALIDA G`OLIBLIKNI QO`LGA KIRITGAN O`ZBEK REJISSYoRI'ning rasmi

Navqiron o`zbek farzandi, yurtdoshimiz Anvar Madraimov Amerika Qo`shma Shtatlarining Kaliforniya shtatida o`tkazilgan qisqa metrajli filmlar festivalida g`olib, deb topildi, deya xabar berdi UzA.


Festivalda saralangan 400 ta film orasida Anvar “Tug`ilgan kunga tabriknoma” (“A Birthday Card”) nomli qisqa metrajli filmi uchun “Yosh rejissyor suratga olgan eng yaxshi film” (“Best Youth”) nominasiyasi bo`yicha g`olib, deb topildi.

Anvarning drama janrida suratga olgan qisqa metrajli filmida farzandlarini yolg`iz tarbiyalayotgan ayol taqdiri, uning yangi hayot qurishga intilishi yo`lida duch kelayotgan holatlar, oilaviy hayot bilan bog`liq ijtimoiy masalalar haqida hikoya qilinadi.

“O`zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmatidan ma`lum qilishlaricha, A.Madraimov 22 yoshda bo`lib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ta`lim olgan. Hozirgi kunda Los-Anjeles shahridagi Nyu York kinoakademiyasining (“New York Film Academy”) kinematografiya fakultetida o`qishini davom ettirmoqda.

Anvar qator qisqa metrajli badiiy va hujjatli filmlar rejissyoridir. U to`liq metrajli badiiy film suratga olish sirlarini o`rganmoqda.

– O`zbek kinosi boy tarixga ega. Davlatimiz rahbarining kino san`atini yanada rivojlantirishga qaratayotgan e`tibori soha vakillarini yangi asarlar yaratishga undamoqda. Biz, yoshlar bu ishga munosib hissa qo`shishga harakat qilamiz, – deydi Anvar.

    Boshqa yangiliklar