AsosiySalomatlik

MARMARAK TERI KASALLIKLARI VA BEPUShTLIKNI DAVOLAYDI

' MARMARAK  TERI KASALLIKLARI VA BEPUShTLIKNI DAVOLAYDI'ning rasmi

Marmarak qadim zamonlardan beri qo`llanib kelinadigan dorivor giyohlardan biridir. Qadimgi Misrda esa uni ayollar bepushtligida tavsiya qilishgan.

TIBBIYoTDA QO`LLANILIShI

Tibbiyotda marmarakning uch turi ishlatiladi. Dorivor marmarak bargining damlamasi burishtiruvchi, dezinfeksiyalovchi va yallig`lanishga qarshi ta`sir etuvchi vosita sifatida yuqori nafas yo`llari yallig`lanishida, tomoq, og`iz va milk shilliq pardalari yallig`lanishida og`izni chayish uchun qo`llaniladi. Xushbo`y marmarak – bo`yi 50-100 santimetrga etadigan ko`p yillik o`t bo`lib, bog`larda o`sadi. Tibbiyotda er ustki qismi ishlatiladi.

XALQ TABOBATIDAGI AHAMIYaTI

Marmarak xalq tabobatida yurak tez urganda, darmonsizlikda, bezgak, buyrak kasalliklarini davoshlashda hamda ovqat hazm bo`lishini yaxshilash uchun qo`llaniladi. Ekstraktidan tayyorlangan surtmasi va ekstraktining konsentrati – salmus teri kasalliklarini (masalan, psoriaz)ni davolashda yaxshi natijalar beradi. Shuning uchun bu preparatlar ilmiy tibbiyotda ishlatishga tavsiya etilgan. Efir moyidan dorishunoslik amaliyotida suyuq dori shakllarining hidi va ta`mini yaxshilashda foydalaniladi.

Xalq tabobatida marmarakning yana ikki turi – tikanli marmarak va cho`l marmaragi er ustki qismining damlamasi yuqorida ko`rsatilgan kasalliklarda hamda tomoq og`riganda chayish, ishtaqa ochish va isitmada tashnalikni qondirish uchun ichiladi. Er ustki tarkibida efir moyi, oshlovchi va boshqa moddalar bor.

MARMARAKLI MUOLAJALAR

  • Marmarak barglaridan tayyorlangan damlama gastrit va kolit, oshqozon yarasi, meteorizm, jigar va o`t pufagi yallig`lanishini davolashda foydalaniladi. Damlama quyidagi tartibda tayyorlanadi: maydalangan o`simlik bargidan 2 osh qoshiq olib, 400 ml qaynagan suv quyiladi, 4-6 soat damlab qo`yiladi, har 3-4 soatda 20-30 ml.dan ichib turiladi.
  • Avstriyada oshqozon va ichak kasalliklari, halqum shilliq pardasi yallig`lanishi, anginani davolashda marmarak damlamasidan foydalanilar ekan.
  • Xitoyda marmarakni damlab ichishni xush ko`rishadi, AQShda esa salatlar, sho`rvalar, sabzavot, go`sht, baliqqa qo`shib iste`mol qilinadi.
  • Bodomcha bezlar yallig`langanda, shishganda marmarakning er ustki qismi va gulidan tayyorlangan damlama ishlatiladi. Damlamani tayyorlash uchun bir osh qoshiq solib, ustiga 2 stakan qaynab turgan suv quyilib, 2 soatga damlab qo`yiladi. Keyin uni dokada suzib, kuniga 6-8 marta og`iz chayiladi, g`arg`ara qilinadi.
  • Kariesni davolash uchun 1 osh qoshiq quruq marmarak va igir o`simligi ustiga 1 stakan qaynoq suv solib damlang. Damlama 1 soat tursin, so`ng u bilan og`zingizni chayqang. Agar biron tishingiz og`rib qolsa, shu damlamaga biroz paxta ivitib olib, uni og`riyotgan tishga qo`ying. Ushbu muolajani bir necha oy davomida, toki karies yo`q bo`lgunicha takrorlab turish lozim.

DIQQAT!

Marmarakdan tayyorlangan dorilarni shifokor ko`rsatmasisiz, uzoq va ortiqcha miqdorda qabul qilish yaramaydi. Aks holda zaharlanib qolish mumkin. Homiladorlarga marmarakdan tayyorlangan dorilar mumkin emas.

Internet materiallari asosida Sevara Nishonova tayyorladi

    Boshqa yangiliklar