AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTON PREZIDENTI ROSSIYa HUKUMATI RAISINING BIRINChI O`RINBOSARINI QABUL QILDI

'​O`ZBEKISTON PREZIDENTI ROSSIYa HUKUMATI RAISINING BIRINChI O`RINBOSARINI QABUL QILDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 23 avgust kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federasiyasi Hukumati raisining birinchi o`rinbosari Igor Shuvalovni qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, I.Shuvalovni Iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning Rossiya tomonidan raisi etib tayinlangani bilan samimiy tabrikladi. Prezidentimizning shu yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni to`la amalga oshirish, shuningdek, iqtisodiyotning turli sohalaridagi o`zaro manfaatli hamkorlikning yangi dastur va loyihalarini hayotga samarali tatbiq etishda Komissiya muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta`kidlandi. Hozirgi paytda o`zaro munosabatlar jadal rivojlanayotgani qayd etildi.

O`zaro savdo hajmi barqaror o`sib bormoqda – shu yilning etti oyi davomida tovar ayirboshlash hajmi 14 foizga o`sib, 2,6 milliard AQSh dollaridan oshdi. Bunda eksport va importning barcha asosiy yo`nalishlari bo`yicha o`sish kuzatilmoqda.

Iyul oyidan Rossiya bozoriga meva-sabzovot mahsulotlarini etkazib berishda "yashil koridor" tizimi to`laqonli faoliyat ko`rsata boshladi. Rossiyaning etakchi kompaniyalari va banklarini jalb qilgan holda, ustuvor investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo`yicha hamkorlikda faol ish olib borilmoqda. Neft-gaz majmuasidagi geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish va istiqbolli konlarni o`zlashtirish, bunda uglevodorod xomashyosi qazib olishni ko`paytirish, Qandim gazni qayta ishlash va Jizzax neftni qayta ishlash zavodlarini qurish, soha korxonalarini modernizasiya qilish, shuningdek, gaz va neft etkazib berish bo`yicha yirik loyihalar shular jumlasidandir.

Metallurgiya sohasida «Yoshlik-1» konini o`zlashtirish, mis boyitish majmuasini qurish va Toshkentda metallurgiya zavodi barpo etish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlandi.Mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, kimyo, farmasevtika, to`qimachilik, oziq-ovqat sanoati, turizm va boshqa ko`plab sohalarda, shuningdek, mamlakatlarimiz hududlari o`rtasida kichik biznes sub`ektlarini faol jalb qilgan holda kooperasiya aloqalari kengayib bormoqda.

Bugungi kunda O`zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda, Rossiyaning 60 kompaniyasi vakolatxonalari ro`yxatdan o`tgan. Ijtimoiy aloqalar rivojlanmoqda, sog`liqni saqlash, ta`lim, sport, madaniyat va san`at sohalarida qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish va yuqori texnologiyali sohalarda yangi istiqbolli dasturlarni tayyorlashni jadallashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.Mehmon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Hukumat raisining birinchi o`rinbosari Rossiya Federasiyasi O`zbekiston Respublikasi bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi keng ko`lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanini ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar