Angrenlik Sherzod Ibragimov jamiyat uchun foydali mehnat qilib kun ko`rish o`rniga, firibgarlikni o`ziga kasb qilib oldi. Bu «ustasi farang» dastlab Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati Angren shahar sudining 2016 yil 1 aprel kunidagi sud majlisida firibgarlik jinoyati sodir etganligi uchun sudlangan, keltirilgan zarar qoplanganligi sababli tomonlar yarashib, jinoyat ishi sud jarayonida tugatilgan. Ammo yaxshi otga bir qamchi, deganlaridek u o`ziga tegishli xulosa chiqarish o`rniga firibgarlik jinoyati bilan shug`ullanishda davom etadi, deb yozadi Toshkent viloyati IIB.
2016 yil 16 dekabr kuni Angren shahar sudi tomonidan O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan aybli, deb topilib, sud jarayonlari olib borilayotgan bir vaqtda Sherzod Ibragimov o`ziga tegishli xulosa chiqarmay, navbatdagi firibgarliklarni ham sodir etishdan tap tortmadi.
U “ko`mir mahsulotini olib beraman”, deb bir necha fuqarolarni aldab, ulardan naqd pul va plastik kartochkalarigi pullarini undiradi.
Jumladan, Angren shaxar Samarchuq maxallasida yashovchi fuqaro Azamjon Mirzalievga jami 3 tonna saralangan ko`mir mahsulotini olib berishni va`da qilib, uni aldab, uning ishonchiga kirib, unga tegishli hisobida jami 900.000 so`m pullari bo`lgan plastik kartochkasini firibgarlik yo`li bilan egallab olib, o`zlashtirib yuboradi.
Bundan tashqari, Sherzod Ibragimov Angrenlik Nematulla Tashmatovning 700.000 so`m puli bo`lgan plastik kartochkasini, hamda Ismail Sabirovning 920.000 so`m pullarini firibgarlik yo`li bilan egallab olib, o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Hozirgi kunda Sherzod Ibragimovga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






