Rossiya Tashqi ishlar vazirligi diplomatik vakolatxonalarni Kiyevdagi xodimlarini zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirdi. Moskva Ukraina 9 may — G'alaba kuni tadbirlarini buzishga urinadigan bo'lsa, Kiyevga javob zarbalari berilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Telegram'dagi videomurojaatida xorijiy diplomatik vakolatxonalarni Rossiya Mudofaa vazirligining ogohlantirishiga jiddiy e'tibor berishga undadi. Unga ko'ra, agar Ukraina G'alaba kuni munosabati bilan o'tkaziladigan tadbirlar yoki Qizil maydondagi harbiy paradni nishonga olsa, Rossiya javob choralarini ko'radi.
Zaxarova Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan Kiyevga javob zarbasi berilishi ehtimoli sabab diplomatlar va boshqa vakolatxonalar xodimlarini o'z vaqtida evakuatsiya qilish zarurligini ta'kidladi.
Shuningdek, Rossiya tomoni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni Armanistonda bo'lib o'tgan Yevropa siyosiy hamjamiyati yig'ilishida G'alaba kuni tadbirlarini buzish haqida "tahdidli bayonotlar" berganlikda aybladi.
Zelenskiy X ijtimoiy tarmog'ida Rossiya 9 maydagi harbiy parad oldidan havo mudofaa tizimlarini mamlakat hududlaridan Moskva atrofiga ko'chirayotganini yozdi va bu Ukraina uchun uzoq masofali hujumlar imkoniyatini kengaytirayotganini ta'kidladi.
"Bu Rossiya rahbariyati ko'plab bayonotlarda tilga olingan sulhga tayyorlanmayotganini va Rossiyaning boshqa hududlaridan ko'ra Moskvadagi parad haqida ko'proq qayg'urayotganini ko'rsatadi. Shu bilan birga, bu bizning uzoq masofali zarbalarimiz uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Biz bunga mos ustuvor yo'nalishlarni belgilaymiz", — dedi Zelenskiy.
Ayni paytda tomonlar bir-birini sulhni buzishda ayblamoqda. Ukraina 6 may kuni bir tomonlama sulh e'lon qilgan bo'lsa, Rossiya ham 9 maydagi G'alaba kuni tadbirlari munosabati bilan vaqtinchalik sulh taklif qilgan.






