AsosiyJinoyat

Ishga kiritish, ruxsatnoma va nafaqa tayinlash bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etildi

Hozirda ushbu uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Ishga kiritish, ruxsatnoma va nafaqa tayinlash bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etildi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda hududlarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ishga kiritish, ruxsatnoma tayyorlash va nafaqa tayinlash bilan bog‘liq bir nechta korrupsiya holatlari aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, birinchi holat Xorazm viloyatida qayd etilgan. Viloyat IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kichik inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Xonqa tumanida yashovchi 1973 yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirgan. U fuqaroning 2001 yilda tug‘ilgan tanishini ichki ishlar organlariga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 4500 AQSh dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida inspektor avvaldan 1800 AQSh dollari va 2,4 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Ikkinchi holat Toshkent viloyatida aniqlangan. Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodisti xususiy oilaviy bog‘cha tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqarodan uy-joyni sanitariya talablariga mos deb topish bo‘yicha ruxsatnoma tayyorlatib berish evaziga 1,5 million so‘m, shuningdek yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy xulosa olib berish uchun 200 AQSh dollari talab qilgan. U pul mablag‘larini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur mablag‘ning 200 AQSh dollarini olgan vaqtida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta inspektorining ham noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Uchinchi holat Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi. Jumladan, Chimboy tumanida yashovchi 1970 yilda tug‘ilgan ayol Kegeyli tumanida istiqomat qiluvchi 1969 yilda tug‘ilgan fuqaroga yoshga doir nafaqa tayinlashda ish stajini ko‘paytirib berish evaziga 7 million so‘m olgan vaqtida ushlangan. Aniqlanishicha, u mazkur ishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida mas’ul lavozimda ishlovchi o‘g‘li orqali amalga oshirishni rejalashtirgan.

Hozirda ushbu uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi. Shaxsiy ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar