Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirgan shaxs maktab direktoridan 10 ming dollar talab qilib, 4 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oltinko‘l tumani MMTBga qarashli 2-son kasb-hunar maktabi direktori X.E. prokuratura departamentiga murojaat qilgan. Uning aytishicha, tumanda yashovchi O.M. ismli shaxs o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirgan A.Yu. orqali maktab huzurida haydovchilikka o‘qitish markazi ochish uchun guvohnoma olib berishni va’da qilib, 10 ming dollar talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida, fuqaro A.Yu. gumonlanuvchi O.M. dan 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-(firibgarlik) va 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.






