AsosiyJamiyat

Ochiqlik indeksida eng past natijani ayrim hokimliklar qayd etdi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, bir qator davlat organlari va tashkilotlari “qizil” toifaga kiritildi.

'Ochiqlik indeksida eng past natijani ayrim hokimliklar qayd etdi.'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabariga ko‘ra, 2025 yilda davlat organlari faoliyati ochiqligi bo‘yicha yakuniy baholash natijalarida eng past ko‘rsatkichlar Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qayd etildi. Ro‘yxatda Toshkent hamda Sirdaryo viloyati hokimliklari ham bor.

“Qizil” toifaga banklardan Aloqabank, Toshshahartransxizmat, Sudyalar oliy kengashi, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi hamda O‘zbekiston temir yo‘llari ham kiritildi. Ushbu toifadagi rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash yuzasidan takliflar kiritilishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, baholash 97 ta vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlarini qamrab olib, 8 indikator va 84 mezon asosida o‘tkazilgan. Yakunda 66 ta tashkilot “yashil”, 22 tasi “sariq”, 9 tasi esa “qizil” samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi. O‘tgan yilga nisbatan “yashil” toifadagilar 34 foizga oshgan, “sariq” va “qizil” toifadagilar esa mos ravishda 36 va 31 foizga kamaygan.

Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori natijalar Navoiy kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekgidroenergo, O‘zavtosanoat, Transport nazorati inspektsiyasi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan qayd etildi.

“Qizil” toifaga kirgan tashkilotlar rahbarlarining ochiqlik sohasidagi kamchiliklari va ularni bartaraf etish rejalari Milliy kengash, Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlis Senati majlislarida eshitilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar