O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mualliflik tashabbusi asosida yaratilgan "Ma’rifat aks-sadosi" hujjatli filmlar seriyasi jahon kino sanoatining nufuzli mukofotlaridan biri — New York Festivals TV & Film Awards 2026 tanlovining final bosqichiga yo‘l oldi. Loyihada jahon miqyosida tan olingan, "Oskar" mukofoti sohibi aktyor Ben Kingsley ishtirok etgan.
Mazkur yutuq loyihaning xalqaro ekspertlardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanganini anglatadi. Final bosqichida hujjatli film bronza, kumush yoki oltin toifalari bo‘yicha mukofotlardan biriga da’vogarlik qiladi. Tanlov g‘oliblari 2026 yil 21 may kuni bo‘lib o‘tadigan Storytellers Gala taqdimlash marosimi doirasida e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Hujjatli film islom olamining boy intellektual va ma’naviy merosini Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar — Xorazmiy, Farghoniy, Ibn Sino va boshqa allomalarning jahon tsivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi orqali keng yoritib beradi. Shuningdek, loyihada Temuriylar va Boburiylar davri, hamda mintaqaning boshqa tarixiy tsivilizatsiyalari merosi chuqur tahli qilinib, ularning ilm-fan, tibbiyot va falsafa rivojiga ko‘rsatgan ta’siri ilmiy-ommabop yondashuvda taqdim etilgan.
Avvalroq, mazkur loyiha materiallari xalqaro auditoriyaga taqdim etilgan bo‘lib, CNN, BBC va Euronews kabi yetakchi jahon telekanallarida efirga uzatilgani uning global axborot maydonidagi nufuzini yanada oshirdi.
New York Festivals TV & Film Awards xalqaro mukofoti televidenie va kino sohasida yuqori nufuzga ega bo‘lib, qat’iy saralash tizimi, ishtirokchilarning keng geografiyasi hamda raqobatning yuqori darajasi bilan ajralib turadi. Ushbu mukofot doirasida ilgari BBC, National Geographic va Netflix kabi yetakchi media kompaniyalar tomonidan yaratilgan loyihalar eng yuqori baholarga sazovor bo‘lgan.
O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi bugungi kunda xalqaro ilmiy-madaniy maydonda faol pozitsiyani egallab, akademik tadqiqotlar, zamonaviy texnologiyalar va global media kommunikatsiyalar uyg‘unligiga asoslangan loyihalarni izchil amalga oshirib kelmoqda.






