Tabriknomalarda O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot, farovonlik va ranoq tilaklari izhor etilgan. Navro‘zning insoniyat tarixidagi o‘rni, uning yangilanish, ezgulik va hamjihatlik timsoli ekani alohida ta’kidlangan.
Xorijiy yetakchilar o‘z tabriklarida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar, iqtisodiy rivojlanish sur’atlari hamda aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarga yuqori baho bergan.
Shuningdek, mamlakatning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, mintaqada yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy e’tirof etilayotgani qayd etilgan.
Navro‘z bayrami munosabati bilan Prezident nomiga qutlov yo‘llaganlar orasida Vladimir Putin, Si Szinpin, Salmon bin Abdulaziz Al Saud, Muhammad bin Salmon, Recep Tayyip Erdo‘g‘an, Qosim-Jomart To‘qayev, Sadir Japarov, Emomali Rahmon, Serdar Berdimuhamedov, Gurbanguli Berdimuhamedov, Ilhom Aliyev, Aleksandr Lukashenko hamda Shahbaz Sharif kabi davlat rahbarlari bor.
Qutlovlarda Navro‘zning xalqlarni birlashtiruvchi, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim bayram ekani ta’kidlanib, O‘zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyorlik bildirilgan.
Jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘z tabrigida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bundan buyon ham ikki xalq farovonligi hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida rivojlanib borishiga ishonch bildirgan.
Xitoy rahbari Si Szinpin esa o‘z murojaatida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini qayd etgan
Turkiya Prezidenti Recep Tayyip Erdo‘g‘an Navro‘zning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi qadimiy bayram ekanini qayd etib, qardosh xalqlar o‘rtasidagi aloqalar yanada rivojlanishiga tilak bildirgan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ham o‘z tabriklarida mintaqada yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va strategik hamkorlikni mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidlagan.
Shuningdek, bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham Prezident nomiga qutlov yo‘llagan. Ular orasida Nurlan Yermekbayev, Kubanychbek Omuraliyev hamda boshqa nufuzli tashkilotlar vakillari bor.
Bundan tashqari, turli mamlakatlar siyosiy va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar vakillari ham Navro‘z munosabati bilan samimiy tabriklar yo‘llagan.
Prezident nomiga kelayotgan tabriklar davom etmoqda.






