AsosiyJamiyat

Karmana hokimi o‘qituvchilarni majburiy yig‘ib, bir soat turqizib qo‘ydi

Ҳолат юзасидан Мактабгача ва мактаб таълими вазирлиги муносабат билдирди.

'Karmana hokimi o‘qituvchilarni majburiy yig‘ib, bir soat turqizib qo‘ydi'ning rasmi

Karmana tumani hokimligi binosida 9-maktab o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganilayotgani ma’lum qilindi.

OAVning yozishicha tumandagi 9-maktabga borgan hokim Shohruh Boltayev o‘quvchilardan she’r aytishni va turli savollarga javob berishni so‘ragan. O‘quvchilar javob bera olmagan, bundan g‘azablangan hokim maktabning barcha o‘qituvchilarini avtobusga solib, tuman hokimligiga olib kelgan. Yig‘ilish davomida o‘qituvchilar qariyb bir soat tik turgan. 

Hokim majburiy yig‘ilish bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari pastligi sababli o‘tkazilganini bildirgan. U shuningdek, ta’lim sifatini oshirishga harakat qilayotganini ta’kidlagan. 

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Karmana tumanidagi 9-maktab bitiruvchilarining 61 foizi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan (tuman miqyosida 6-o‘rin), o‘rtacha ball ko‘rsatkichi esa 98,7. Shu bilan birga, 39 nafar bitiruvchilardan 38 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarga ega. 

Xabarda qayd etilishicha, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, pedagoglarning huquqlari, sha’ni va kasbiy obro‘si davlat himoyasida, kasbiy faoliyatiga aralashish va kasbiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanadi. 

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagoglarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, kasbiy mavqe va obro‘ni saqlash hamda mansabdor shaxslarning pedagoglar faoliyatiga aralashishini qattiq qoralashini ma’lum qildi.

    Boshqa yangiliklar