Toshkentda ko‘prik yonida yo‘lning bir qismi qulab tushgan Temur Malik ko‘chasida avtomobillar harakati qisman tiklandi. Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanida Temur Malik ko‘chasining Sultoniya ko‘chasi bilan kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasigacha bo‘lgan qismida transport harakatiga cheklangan tarzda ruxsat berilgan. Ushbu uchastkada harakat 30 km/soatgacha tezlikda tashkil etilgan.
Shuningdek, Sultoniya ko‘chasi tomonidan Temur Malik ko‘chasi orqali Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga chiqish mumkin. Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi tomonidan esa Temur Malik ko‘chasi bo‘ylab Sultoniya ko‘chasi yo‘nalishida harakatlanishga ruxsat berilgan.
Avvalroq ushbu yo‘l o‘tkazgichning 2024 yil avgust oyida ochilgan qismida qulash sodir bo‘lgani sababli mazkur hududda harakat vaqtincha to‘xtatilgan, ayrim avtobus yo‘nalishlari esa o‘zgartirilgan edi.






