“Navoiy–Zarafshon–Uchquduq” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 5 kishi vafot etdi. Bu haqda Kun.uz ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, fojiali YTH 7 mart kuni soat taxminan 16:30 larda Konimex tumani hududidan o‘tuvchi Navoiy–Zarafshon–Uchquduq avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Chery rusumli avtomobil “Navoiy–Zarafshon” yo‘nalishida harakatlanib ketayotganda qarama-qarshi tomondan kelayotgan Kia avtomobili bilan to‘qnashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv vaqtida har ikki avtomobil ham belgilangan tezlik me’yoridan yuqori tezlikda harakatlangan bo‘lishi mumkin.
YTH oqibatida Kia avtomobilida bo‘lgan bir oilaning 3 a’zosi, shuningdek Chery avtomobili haydovchisi va bir yo‘lovchi — jami 5 kishi halok bo‘lgan. Ularning 3 nafari voqea joyida-yoq vafot etgan.
Marhumlardan biri 41 yoshli Sanjar Nurmahmedov bo‘lib, u uzoq yillar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlagani aytilmoqda.
Shuningdek, halok bo‘lganlar orasida Zarafshon shahridagi mahalliy axborot kanali admini, 17 yoshli Umijon To‘xtamurodov ham bo‘lgan. U bilan birga onasi va otasi ham vafot etgan, ikki ukasi esa tirik qolgan.
Ma’lumot uchun, usbu yo‘lda 22 fevral kuni ham yirik YTH sodir bo‘lib, unda 4 kishi halok bo‘lgan edi.






