O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sovuqning qishloq xo‘jaligi ekinlariga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida vazirlik hamda tizimdagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari tomonidan maxsus tavsiyalar ishlab chiqilib, dehqon va fermerlarga etkazilgan.
Qayd etilishicha, ayrim sabzavot ekinlari sovuqqa nisbatan chidamli hisoblanadi. Jumladan, piyoz, sarimsoq, shovul, rovach va yerqalampir kabi ekinlar –10°C dan –15°C gacha, qor qoplami ostida esa –20°C dan –25°C gacha bo‘lgan sovuqqa bardosh bera oladi. Biroq boshqa sabzavot ekinlari uchun qo‘shimcha agrotexnik choralar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislar sovuqdan keyin ekinlarni “stress” holatidan chiqarish uchun bir qator chorani tavsiya qilmoqda. Xususan, mikroelement va aminokislotalarga boy preparatlar bilan qo‘shimcha oziqlantirish, tez ta’sir qiluvchi azotli o‘g‘itlardan foydalanish, ekinlarni shaffof plyonka bilan yopib issiqlikni saqlash hamda tuproq namligini muntazam sug‘orish orqali saqlab turish tavsiya etilgan.
Vazirlik barcha agrotexnik tadbirlar qisqa muddatda va intensiv tarzda amalga oshirilishi lozimligini ta’kidlagan. Bu nafaqat ekinlarni sovuqdan himoya qilish, balki hosildorlikni saqlab qolishda ham muhim omil hisoblanadi.
Avvalroq O‘zgidromet 9–12 mart kunlari sovuq va nam havo massalari kirib kelishi haqida ogohlantirgandi. Prognozlarga ko‘ra, respublikaning shimoliy hududlarida kechalari havo harorati –7…–10 darajagacha, kunduzlari esa 0…–3 darajagacha tushishi mumkin. Boshqa hududlarda esa 11–12 mart kunlari kechalari 0…–3 darajagacha sovuq, kunduzlari esa 2–5 daraja iliq bo‘lishi kutilmogda.






