Havo hududi yopilgan Dubay xalqaro aeroportidan Toshkentga ilk texnik parvoz amalga oshirildi. Ma'lum qilinishicha, Dubay—Toshkent yo‘nalishidagi C6358 reysi Centrum Air aviakompaniyasi samolyoti bilan bajarilgan.
Aviakompaniya matbuot xizmati hozircha aeroport yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish uchun reyslarni amalga oshirishga ruxsat bermaganini ma'lum qildi. Qayd etilishicha, faqat havo kemalarining texnik parvozlariga ruxsat berilgan.
Yaqin Sharqdagi urush harakatlari tufayli havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtincha cheklovlar sabab qator aviaqatnovlar bekor qilingandi.
2 mart kuni Shavkat Mirziyoyev Fors ko‘rfazi davlatlarida bo‘lib turgan vatandoshlarni vatanga qaytarishni samarali tashkil etish yuzasidan Abdulla Aripovga topshiriq bergan. Shuningdek, Jidda—Toshkent yo‘nalishida reyslarni tashkil etish ishlari boshlandi.






