AsosiyDunyo

Ar-Riyoddagi AQSh elchixonasi hududiga dronlar bilan hujum qilindi

Portlash ortidan kichik yong‘in yuz bergani, jabrlanganlar yo‘qligi ma’lum qilindi.

'Ar-Riyoddagi AQSh elchixonasi hududiga dronlar bilan hujum qilindi'ning rasmi

Ar-Riyod shahrida joylashgan AQSh elchixonasi hududida portlashdan so‘ng yong‘in chiqqan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

N12 telekanali Telegram sahifasida yuqori lavozimli amerikalik amaldorga tayanib, elchixona ehtimol dron yordamida nishonga olinganini ma'lum qildi. Keyinroq Sauudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra diplomatik vakolatxona ikki uchuvchisiz uchish qurilmasi bilan nishonga olingani va shundan so‘ng kichik yong‘in yuz berganini bildirdi. Vazirlikga ko‘ra, etkazilgan zarar katta emas.

Fox News muxbiri Jennifer Griffin manbaga tayanib, hujum ehtimol Eron dronlari tomonidan amalga oshirilganini yozgan. CNN ham Eron uchuvchisiz qurilmalari zarbasi haqida xabar berdi. Voqea paytida elchixonada hech kim bo‘lmagan, jabrlanganlar yo‘q.

Elchixona bayonotida Jidda, Ar-Riyod va Daxron shaharlaridagi amerikaliklar zudlik bilan turgan joyida panoh topishi va mintaqadagi harbiy ob'ektlarga bormasligi so‘ralgan.

2 mart kuni Quvaytdagi AQSh diplomatik vakolatxonasi binosi ustida ham tutun ko‘tarilgani haqida Reuters xabar qilgan edi. Keyinroq elchixona hududda raketa va dron hujumlari doimiy tahdidi mavjudligini bildirgan.

    Boshqa yangiliklar