Andijon viloyatida o‘tkazilgan tadbirda Xo‘jaobod tumani hududida to‘xtatilgan “BYD” rusumli avtomobil salonidan 5 kg 946 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositas aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, muqaddam sudlangan shaxs ushbu moddani narkokurerlar tomonidan “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olib, Toshkent shahriga yetkazib berishni rejalashtirgan.
Poytaxtda o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda xorijdan kuryerlik jo‘natmasi orqali qandolat mahsulotlari orasiga yashirilgan 350 gr “Klefedron” moddasini qabul qilib olgan shaxs uslandi. Davom etgan tadbirda uning sherigi ham qo‘lga olinib, yashash xonasida tashkil etilgan narkolaboratoriyadan 5,3 kg atrofida sintetik giyohvand moddalar, gashish va marixuana moylariga o‘xshash moddalar, shuningdek laboratoriya jihozlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Namanganda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy olib o‘tilgan 1 kg 23 gr “geroin”ni 18,5 ming dollarga sotish vaqtida shaxs qo‘lga olindi.
Sirdaryo viloyatida to‘xtatilgan “Cobalt” avtomobilidan esa 2516 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlandi. Ularning Qo‘qon shahrida “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olingani ma’lum qilindi.
Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmogda.






