2024 yil ma’lumotlariga ko‘ra, importning yalpi ichki mahsulotga nisbati eng yuqori bo‘lgan hudud — Gonkong hisoblanadi.
Bu yerda import YIMning 178 foizini tashkil etgan. Mutaxassislar bunga Gonkongning yirik tranzit va qayta eksport markazi ekanini asosiy sabab sifatida ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, Lyuksemburg (160 foiz), San-Marino (155 foiz) va Singapur (144%) kabi moliyaviy va savdo markazlarida ham import ulushi juda yuqori.
Reytingdagi davlatlarning aksariyati aholisi kam bo‘lgan kichik mamlakatlar bo‘lib, ular ichki ishlab chiqarish imkoniyatlarining cheklanganligi sabab tashqi bozorlarga tayanishga majbur.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, importga yuqori darajada bog‘liqlik har doim ham salbiy holat emas, ammo bunday davlatlar global logistika, siyosiy munosabatlar va xalqaro bozor barqarorligiga juda sezgir hisoblanadi.






