AsosiyJamiyat

Endi sunʼiy intellektda shaxsga doir maʼlumotlarga noqonuniy ishlov berganlar jarimaga tortiladi

Bunga oid Adliya vazirligi xabar berdi.

'Endi sunʼiy intellektda shaxsga doir maʼlumotlarga noqonuniy ishlov berganlar jarimaga tortiladi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoyev 21 yanvar kuni sun'iy intellektdan foydalanish bilan bog'liq huquqiy asoslarni belgilovchi qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan "Axborotlashtirish to'g'risida"gi qonunga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilib, sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslari hamda ushbu sohada vakolatli davlat organining vakolatlari belgilandi.

Undagi sun'iy intellekt inson bilim va ko'nikmalariga taqlid qiluvchi, mustaqil o'rganish hamda aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyatiga yaqin natijalar bera oladigan texnologik yechimlar majmui sifatida ta'riflangan.

Qonunga ko'ra, insonning huquq va erkinliklariga daxldor, yuridik ahamiyatga ega qarorlar qabul qilishda faqat sun'iy intellektga asoslangan axborot tizimlari xulosalariga tayanish taqiqlanadi. Bunday qarorlar qabul qilishda inson omili majburiy bo'lishi kerak.

Shuningdek, sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma'lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet orqali tarqatish uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi.

Xususan, huquqbuzarlik sodir etish vositalari musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha — 20,6 mln so'mdan 41,2 mln so'mgacha jarima solinishi nazarda tutilgan. Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar