Fransiya rahbari Emmanuel Makron Parijda G7 sammiti o‘tkazishni taklif qildi, biroq AQSh prezidenti Donald Trump mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi. Trump jurnalistlarga bergan intervyusida Yevropa safari doirasida Parijga borish rejasi yo‘qligini aytgan.
Germaniya hukumatidagi manbalarga ko‘ra, kansler Fridrix Merts ham Makron taklif qilgan kunda Parijga bormaydi. U Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida ishtirok etgach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bryusselda o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitiga yo‘l olishi rejalashtirilgan.
Trump Truth Social tarmog‘ida Makron tomonidan yuborilgani aytilgan xabarlar "skrinshot"larini e’lon qildi. Ularda Fransiya prezidenti Trumpni Parijdagi G7 uchrashuviga taklif qilib, bir qator xalqaro masalalarni muhokama qilishni taklif etgan. Biroq Trump ushbu taklifga javob bergan-bermaganini ochiqlamadi.
Qayd etilishicha, Donald Trump 21 yanvar kunida Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlashi kutilmogda. Fridrix Merts ham u bilan Davosda uchrashishga umid qilmogda, ammo bu uchrashuvning bo‘lishi hozircha aniq emas.






