Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 9-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Azizbek Sodiqov arab tilidan B2 darajasidagi milliy sertifikatga ega bo‘ldi. Qayd etilishicha, bu natija O‘zbekistonda arab tili bo‘yicha yosh jihatdan qayd etilgan eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Azizbek arab tilini Parkent tumanida faoliyat yurituvchi Cosmos School o‘quv markazida o‘rganib kelgan. Uning bu yutuqi ustozlari tomonidan yuqori baholanmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur natija arab tili bo‘yicha O‘zbekistonda yoshlar orasida qayd etilgan kamyob sertifikatlardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tiladi, avvalroq Farg‘ona viloyatida 3-sinf, Samarqandda 4-sinf hamda Navoiyda 5-sinf o‘quvchilari ingliz tilidan B2 sertifikatini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi.






