Ispaniyaning Kordova viloyatida yuz bergan yirik temiryo‘l halokati oqibatida kamida 21 kishi vafot etdi, qariyb 100 nafar yo‘lovchi turli darajada jarohat oldi.
"Reaturs" xabariga ko‘ra, fojia 18 yanvar kuni Ispaniyaning janubida, Kordova viloyatidagi Adamus shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, tezyurar poyezdlardan biri rel’sdan chiqib, qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan va ikkinchi poyezd bilan to‘qnashgan. Hodisa natijasida har ikki poyezd rel’sdan chiqqan, ularndan biri esa balandlikdan ag‘darilib ketgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni kamida 21 nafarni tashkil etmoqda, 100 ga yaqin yo‘lovchi jarohat olgan, ulardan 25 nafari og‘ir ahvolda. Barcha jabrlanuvchilar Andalusiyadagi tibbiy muassasalarga etkazilgan.
Halokat mahalliy vaqt bilan soat 18:40 atrofida, Kordovadan Madridga yo‘l olgan Iryo xususiy operatoriga tegishli poyezd jo‘nab ketganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Ikkinchi poyezd — Renfe kompaniyasiga qarashli Alvia — Madriddan Uelvaga harakatlanayotgan bo‘lib, to‘qnashuv vaqtida uning tezligi taxminan 200 km/soatni tashkil etgan.
Hodisaning sabablari hozircha aniqlanmagan. Ispaniya transport vaziri Oskar Puente to‘g‘ri yo‘l uchastkasidan chiqib ketish holati jiddiy savollar uyg‘otayotganini bildirgan. Holat bo‘yicha temiryo‘l infratuzilmasi operatori Adif tomonidan tergov olib borilmoqda.
Fojia joyiga qutqaruv xizmatlari va harbiy bo‘linmalar jalb etilgan. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches barcha rejalashtirilgan tadbirlarini bekor qilib, vaziyatni shaxsan nazoratga olgan. Qirollik oilasi halok bo‘lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirdi.






