"Reuters" xabariga ko‘ra, 2025 yil yakuniga kelib Xitoy aholisi soni 1 mlrd 405 millionga yetgan. O‘tgan yilda mamlakatda atigi 7,92 million chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 17 foizga kam.
Shu bilan birga, o‘limlar soni 11,31 millionga chiqib, oxirgi o‘n yilliklardagi eng yuqori darajani qayd etgan.
Mutaxassislar aholining tez qarishi va tug‘ilishning keskin pasayishi Pekinning iqtisodiy rejalariga jiddiy bosim o‘tkazayotganini ta’kidlamoqda.
Hozirda 60 yoshdan oshganlar jami aholining qariyb 23 foizini tashkil qiladi. Hukumat tug‘ilishni rag‘batlantirish uchun subsidiyalar va tibbiy xarajatlarni qoplashga milliardlab yuan ajratishni rejalashtirmoqda.






