Germaniya va yana ettita Yevropa davlati AQSh prezidenti Donald Trumpning Yevropa tovarlariga tarif joriy etish rejalariga nisbatan yakdil va muvofiqlashtirilgan javob qaytarilishini ma'lum qildi.
Qo'shma bayonotda bunday tahdidlar "transatlantik munosabatlarni yemirishi" hamda Grenlandiya atrofida "xavfli keskinlik spiralini" kuchaytirishi mumkinligi ta'kidlangan.
Bayonot mualliflari suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilishga qat'iy ekanini bildirib, Daniya Qirolligi va Grenlandiya xalqi bilan to'liq hamjihat ekanini qayd etgan. Hujjatni Germaniya, Daniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Finlandiya qo'llab-quvvatlagan.
Shuningdek, ushbu davlatlar Arktikada xavfsizlikni mustahkamlashni NATO doirasidagi umumiy transatlantik vazifa deb atagan. Bayonotda Daniya boshchiligida o'tkazilayotgan Arctic Endurance mashqlari hech bir davlatga tahdid solmasligi alohida urg'u bilan ta'kidlangan.
Bu ortiqcha keskinliklar fonida Germaniya Bundesveri Grenlandiyadagi razvedka missiyasi reja asosida yakunlanganini ma'lum qildi. Nemis harbiylari missiya muddatidan oldin to'xtatilgani haqidagi da'volarni rad etgan.






