AsosiyDunyo

"O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan diplomat" faxriy unvoni ta’sis etiladi

Oʻzbekistonda tashqi siyosat faoliyati kontseptsiyasi yangilanib, uning ustuvor yoʻnalishlari qayta koʻrib chiqiladi.

'"O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan diplomat" faxriy unvoni ta’sis etiladi'ning rasmi

Shuningdek, diplomatlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha yangi choralar belgilanishi aytildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlardagi beqarorlik va global iqtisodiy transformatsiyalar sharoitida tashqi siyosatni milliy manfaatlar va zamon talablariga mos ravishda doimiy yangilab borish zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, so‘nggi yillarda olib borilayotgan ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi sezilarli darajada mustahkamlangan.

Ayni paytda global xavfsizlik arxitekturasidagi o‘zgarishlar va yangi iqtisodiy ittifoqlar tashqi siyosatdan yanada faol va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni talab qilmoqda.

Shu munosabat bilan Tashqi siyosat faoliyati kontseptsiyasini yangilash, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan aniq vazifalarni belgilash zarurligi aytildi.

Yangi kontseptsiya iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalarini o‘zaro bog‘liq holda qamrab olishi lozim.

Tashqi siyosat faoliyatini samarali tashkil etish uchun har bir elchixonaga yiliga 100–200 ming dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, diplomatlar mehnatini munosab e’tirof etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan diplomat” faxriy unvonini ta’sis etish taklif etildi.

    Boshqa yangiliklar