Hindistonning sharqida joylashgan Jharkhand shtatida yovvoyi fil hujumlari oqibatida kamida 22 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy rasmiylar va tashqi OAVlar xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, fil hujumlari 1–9 yanvar kunlari G‘arbiy Singhbhum tumanidagi Chaibasa va Kolhan o‘rmon hududlarida sodir bo‘lgan. Bir tishli yovvoyi fil o‘rmon va qishloqlarni kezib, yo‘lida uchragan odamlarni bosib ketgan. Hayvon hozircha qo‘lga olinmagan.
Mahalliy o‘rmon xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hududda yuqori ogohlantirish holati joriy etilgan, filni topish va xavfsiz tarzda tabiatga qaytarish uchun 100 dan ortiq mutaxassis safarbar etilgan. Rasmiylar qurbonlar oilalariga moddiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Mutaxassislar fil tajovuzkorligini juftlashish davri bilan bog‘lamoqda. Ta’kidlanishicha, bu holat odatda bir necha hafta ichida pasayadi.






