"Mamlakatlar mulkka egalik qilishlari va uni himoya qilishlari kerak, ijara olgan narsalarini emas. Va biz Grenlandiyani himoya qilishimiz kerak bo‘ladi", dedi Trump juma kuni jurnalistlarga BBСning savoliga javob berar ekan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington bunga "oson yo‘l" yoki "qiyin yo‘l" bilan erishishi mumkin.
Yaqinda Oq uy Amerika ma’muriyati Qo‘shma Shtatlar kabi NATO a’zosi bo‘lgan Daniyaga tegishli avtonom hududni nazorat qilishning bir necha yo‘llarini o‘rganayotganini e’lon qildi. Vashington orolni sotib olishni ko‘rib chiqmoqda, ammo uni kuch bilan anneksiya qilishni ham istisno qilmaydi.
Daniya va Grenlandiya bu hudud sotilmasligini da’vo qilmoqda. Kopengagen AQShning Daniyaga qarshi harbiy operatsiyasi Shimoliy Atlantika mudofaa ittifoqining tugashini anglatishini ta’kidlamoqda.
Juma kuni kechqurun Grenlandiyaning asosiy partiyalari, jumladan, muxolifat yetakchilari qo‘shma bayonot berib, "AQShning mamlakatimizga nisbatan nafratini to‘xtatish"ga chaqirdilar.
"Biz amerikalik bo‘lishni xohlamaymiz, biz daniyalik bo‘lishni xohlamaymiz, biz grenlandiyalik bo‘lishni xohlaymiz", deyiladi bayonotda. "Grenlandiyaning kelajagini grenlandiyaliklarning o‘zlari belgilashi kerak".






