“Kan News” nashrining diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytda Putin va Netanyaxu so‘nggi vaqtlarda bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan. Qisqa suhbatlar davomida Netanyaxu Isroilning Eronga hujum qilish rejalari yo‘qligini ta’kidlab, bu pozitsiyani Eron tomoniga yetkazishda Rossiya rahbariidan vositachilik qilishni so‘ragan.
Kreml oxirgi telefon muloqoti 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tganini ma’lum qilgan. Unda tomonlar G‘azodagi vaziyat, Eronning yadroviy dasturi hamda Suriyadagi barqarorlik masalalarini muhokama qilgan. Isroil hukumat Tehrondan ehtimoliy birinchi zarba berilishi mumkinligidan xavotirda ekani aytilmoqda.
Avvalroq Netanyaxu Erondan bo‘ladigan har qanday hujum “jiddiy oqibatlar”ga olib kelishini bildirgan, Putin esa Eronning yadroviy texnologiyalardan tinch maqsadlarda foydalanish huquqini qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan.






