Vladimir Zelenskiy bu haqda Ukraina xalqiga yo‘llagan Yangi yil tabrigida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tinchlikni istaydi, biroq bu har qanday shart evaziga bo‘lmasligi kerak.
“Biz murosaga tayyormiz, lekin sharmandaga emas. Urush tugashini xohlaymiz, ammo Ukraina tugashini emas”, dedi prezident.
Zelenskiy mojaroga chek qo‘yish uchun Rossiyaga bosim kuchaytirilishi zarurligini ta’kidladi hamda Ukraina Qurolli Kuchlari Donetsk viloyatidan chiqib ketgach, harbiy harakatlar to‘xtashi haqidagi da’volarni rad etdi.
Shuningdek, u kelajakdagi tinchlik bitimi Ukraina xalqi tomonidan tasdiqlanishi lozimligini bildirdi. Prezident zaif kelishuvlar urushni yanada kuchaytirishini aytib, Budapesht memorandumi va Minsk kelishuvlari tajribasini tanqid qildi.
Zelenskiy Ukraina xavfsizlik kafolatlari AQSh Kongressi va Yevropa davlatlari parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinishi kerakligini qayd etdi.
U, shuningdek, Ukraina va Yevropa o‘rtasidagi birlik hamda xalqaro moliyaviy yordam mamlakat barqarorligi uchun muhim ekanini ta’kidladi.






