AsosiyDunyo

Rossiya neftidan chekinish: Hindiston Kolumbiyaga yuzlandi

AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalari kuchayishi fonida Hindiston neft importini diversifikatsiya qilmoqda.

'Rossiya neftidan chekinish: Hindiston Kolumbiyaga yuzlandi'ning rasmi

Mamlakatning eng yirik neftni qayta ishlash kompaniyasi — Indian Oil Corp ilk bor Kolumbiyadan neft xarid qildi.

Reuters manbasiga ko‘ra, Indian Oil Corp 2026-yil fevral oyida etkazib berish sharti bilan Castilla markali 2 million barrel neft sotib olgan. Shuningdek, kompaniya yana 12 million barrel “qora oltin” xarid qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu qaror Rossiyaga nisbatan sanksiyalar fonida ta’minot manbalarini kengaytirish maqsadida qabul qilingan.

Kpler tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil dekabr oyida Hindistonning Rossiyadan neft importi so‘nggi uch yildagi eng past darajaga tushib, kuniga 1,2 million barrelni tashkil etgan. Noyabr oyida esa bu ko‘rsatkich 1,84 million barrel bo‘lgan.

AQSh sanksiyalari Rossiyaning energetika sohasiga bosimni kuchaytirayotgan ekan, Hindiston kompaniyalari muqobil bozorlarni izlashga majbur bo‘lmoqda. Xususan, Reliance Industries Rossiyadan neft importini vaqtincha to‘xtatgan bo‘lsa-da, keyinchalik “qora ro‘yxat”ga kirmagan etkazib beruvchilar orqali ta’minotni qisman tiklagan. Qator manbalarga ko‘ra, 2026-yil boshidan etkazib berish hajmi yana oshishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar