NATO Bosh kotibi Mark Rütte Germaniyaning Bild gazetasiga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni muzokaralar stoliga faqat AQSh Prezidenti Donald Trump majbur qila olishini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trump Ukrainadagi urushni yakunlashga jiddiy e‘tibor qaratgan.
Rütte tinchlik kelishuvlari doimo murosalarni talab qilishini qayd etar ekan, qaysi tomon qanday yon berishi kerakligi haqida aniq fikr bildirmadi. Shu bilan birga, u Trump prezident bo‘lgan taqdirda AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechadi degan xavotirlar asossiz ekanini, Vashington NATOga sodiq qolishini aytdi.
NATO Bosh kotibining ta'kidlashicha, urushni to‘xtatish qiyin bo‘layotganining sababi — Putin katta yo‘qotishlarga qaramay janglarni davom ettirishga tayyor. NATO hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaning 1 foizdan kam hududini egallagan bo‘lsa-da, buning evaziga 1,1 milliongacha harbiy halok bo‘lgan yoki yaralangan.
Rütte Ukrainaga G‘arbning kuchli xavfsizlik kafolatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini aytib, Putinni yangi hujumdan tiyib turuvchi uch omilni sanab o‘tdi: tayyor holatdagi Ukraina armiyasi, Frantsiya va Buyuk Britaniya boshchiligidagi "ko‘ngillilar koalitsiyasi" hamda AQShning bevosita ishtiroki. Uning fikricha, bu mexanizm avvalgi "Minsk" kelishuvlaridan tubdan farq qiladi va ancha mustahkam kafolatlarni ta'minlaydi.






