AsosiyJamiyat

Toshkentda ikki avtobus orasida qolib ketgan haydovchi vafot etdi

Avtobus haydovchisi to‘xtab turgan avtobusdan qo‘l tormozini tortmasdan tushib, old tomoniga o‘tgan.

'Toshkentda ikki avtobus orasida qolib ketgan haydovchi vafot etdi'ning rasmi

Bugun, 20 dekabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ikki avtobus orasida qolib ketgan 37 yoshli haydovchi voqea joyida halok bo‘ldi. Bu haqda "Toshshahartransxizmat" AJ ma’lum qildi. 

Xabarga ko‘ra, soat 16:56 atrofida Xonobod ko‘chasidagi temir yo‘l kesishmasida 55-yo‘nalishda harakatlanayotgan YUTONG CNG rusumli avtobus poezd o‘tayotgani sababli to‘xtab turgan. Uning ortidan yana bir YUTONG CNG avtobusi ham to‘xtagan. 

Orqadagi avtobus haydovchisi transport vositasini qo‘l tormoziga qo‘ymasdan pastga tushib, avtobus oldiga o‘tgan. Shu vaqtda avtobus o‘z inertsiyasi bilan oldinga yurib ketib, haydovchini oldinda turgan avtobus bilan oraliqda siqib qo‘ygan. 

Oqibatda haydovchi olgan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa haydovchining ehtiyotsizligi tufayli yuz bergan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tergov harakatlari olib borilmogda.

    Boshqa yangiliklar