Prezident "2027 yilda futbol bo‘yicha U-20 jahon chempionatini tayyorlash va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Hujjat 2027 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha U-20 jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish, shuningdek, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli yirik musobaqalarini o‘tkazish maqsadida tayyorlangan.
Qarorga muvofiq, Toshkent shahrida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun FIFAning Hududiy ofitsi bepul asosda ochiladi.
Hududiy ofitsni tashkil etish va saqlash xarajatlari, avvalo, FIFA tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Yetishmayotgan qismi esa O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, biroq umumiy xarajatlarning 50 foizidan oshmagan miqdorda moliyalashtiriladi.
Hududiy ofits binosini ta’mirlash, zarur mebellar, uskunalar, texnika va transport vositalari bilan ta’minlash xarajatlari qarorga muvofiq Rekonstruksiya va rivojlanish jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Shu bilan birga, ofitsni saqlash bo‘yicha minimal talablar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilanadi.






