Byudjet ma'lumotlariga ko'ra, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashish maqsadida ichimliklar bo‘yicha aktsiz solig‘i stavkalari qayta ko‘rib chiqiladi.
2026 yil 1 fevraldan aroq, kon‘yak va boshqa alkogol‘ mahsulotlari uchun aktsiz stavkasi mahalliy mahsulotlarda 1 litr uchun 48 ming so‘m, import mahsulotlarida 60 ming so‘m etib belgilanadi. 2026-yil 1 iyuldan esa ushbu stavkalar 48 ming so‘m miqdorida yagona tartibga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, vino va pivo uchun ham yangi stavkalar joriy etilishi taklif qilinmoqda. 2026 yil 1 fevraldan tabiiy vinoning 1 litri mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun 7 ming, import vinolar uchun 12 ming so‘m qilib belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Pivo bo‘yicha esa mahalliy mahsulotlar uchun 3 ming, import uchun 5 ming so‘m stavka belgilanishi rejalashtirilgan. 1 iyuldan boshlab esa vino va pivo stavkalari to‘liq tenglashtiriladi.
2026 yil 1 yanvardan iste'mol va texnik etil spirti uchun 1 litriga 15 ming so‘m stavka saqlab qolinadi. Shu bilan birga, etil spirtining bosh fraksiyasi bo‘yicha aktsiz 15 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha pasayitirilishi taklif etilgan.
Tamakiga oid o‘zgarishlar ham kutilmogda: 2026 yil 1 fevraldan ayrim tamaki mahsulotlari, iyuldan esa filtrli va filtrlisiz sigaretlar bo‘yicha stavkalar 7 foizga oshiriladi.
Bunda mahalliy va import mahsulotlar uchun yagona stavka joriy qilinadi — masalan, 1 ming dona sigaret uchun 365 ming so‘m, 1 dona sigara uchun 21,5 ming so‘m miqdorida.
Mazkur o‘zgarishlar prezidentning 2024 yil 3 iyundagi farmonida belgilangan JST talablari asosida aktsiz solig‘i siyosatini bosqichma-bosqich uyg‘unlashtirish vazifalariga muvofiq amalga oshirilmogda.






