Xitoy qirg'oqni himoya qilish xizmati kemalari 16 noyabr kuni Senkaku (xitoycha — Dyaoyudao) orollari yaqinidagi Yaponiya nazoratidagi hududiy suvlarga kirib bordi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Pekinning ta'kidlashicha, “patrullik” Xitoyning “huquq va manfaatlarini himoya qilish” maqsadida amalga oshirilgan. Yaponiya esa mazkur hududni o‘z nazoratidagi hududiy suvlar, deb hisoblaydi.
Hodisa Tokio va Pekin o‘rtasidagi munosabatlari ancha taranglashgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi 7 noyabr kuni parlamentda Xitoyning Tayvanga ehtimoliy hujumiga Tokio harbiy javob qaytarishi mumkinligini istisno etmagan edi. Bu bayonat Pekinda qattiq norozilik uyg‘otdi va Xitoy Yaponiyadan bu pozitsiyadan voz kechishni talab qildi, shuningdek, o‘z fuqarolariga Yaponiyaga bormaslikni tavsiya qildi.
Yaponiya siyosatida yana bir keskin nuqta — yadroviy prinsiplarni qayta ko‘rib chiqish masalasi. Ma'lum bo‘lishicha, Takaichi 1967 yilda qabul qilingan uch “yadrosiz printsip” — yadroviy qurolga ega bo‘lmaslik, ishlab chiqmaslik va mamlakatga kiritmaslik siyosatini qayta muhokama qilish imkoniyatini o‘rganmoqda. Tokio bu taqiq AQShning yadroviy tiqib turish siyosati samaradorligini pasaytirishi mumkinligini ta'kidlayapti.
Hozirda AQSh Yaponiyadagi bazalari yoki yapon portlariga kiruvchi kemalarida yadroviy qurol joylashtira olmaydi. Savol esa ochiq qolmoqda.






