Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaronda bo‘lgani aytilgan miltiq ko‘targan erkak do‘konga kirib, sotuvchi ayolni jarohatlagani aks etgan video tarqaldi. Videoda erkak qo‘lida miltiq bilan do‘konga kirib, baqir-chaqir qilgani va boshqa bir xaridor erkakni qurol bilan urgani ko‘ringan. Xaridor chiqib ketgach, rastadan o‘tib, sotuvchi ayol boshiga miltiq bilan jarohat yetkazgan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining xabar berishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ov quroli musodara qilingan.
Aniqlanishicha, 22 oktyabr kuni, tumanning "Ko‘ksaroy" MFY hududida yashovchi 33 yoshli R.Q (erkak), shar'iy nikohida bo‘lgan 35 yoshli N.Sh (ayol)ning yoniga, o‘ziga tegishli ov quroli, (2021 yildan, Ovchilik jamiyatiga a'zo) bilan kelib, o‘rtalaridagi nizo sababli ayolga tahdid qilgan va urib tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan, hududiy IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchi fuqaro tergovga jalb qilingan.
Unga 2021-yildan berilgan ovchilik guvohnomasi bekor qilinib, TOZ-34 rusumli ov quroli musodara qilingan.
Jabrlanganuvchi, N.Sh (ayol)ning olgan tan jarohati yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, ayolda (sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan) yengil tan jarohati mavjudligi ko‘rsatilgan.
Hozirgi kunda holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan to‘liq nazoratga olinib, Ohangaron tumani IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






