AsosiyJamiyat

Joriy yilda davlat byudjetidan tibbiyotga 45 trillion so‘m ajratildi

Bu haqda Davlat rahbarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvida so‘z bordi.

'Joriy yilda davlat byudjetidan tibbiyotga 45 trillion so‘m ajratildi'ning rasmi

Davlat rahbari bugun tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazib, ularni kasb bayrami bilan tabrikladi hamda soha rivojiga oid yangi tashabbuslarni muhokama qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda tibbiyot va farmatsevtika sohalari rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun shifokor va hamshiralarni samimiy tabrikladi.

“Zamonaviy tibbiyotni farmatsevtikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois bu bayramni endi ‘Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni’ deb atashni taklif etaman”, – dedi Prezident.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimiga 230 trillion so‘m (20 milliard dollar) yo‘naltirilganini ta’kidladi. Faqat joriy yilda soha uchun 45 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, bu 2016 yilga nisbatan olti barobar ko‘pdir. Shu asosda 187 ta yangi shifoxona va poliklinika ishga tushirilgan, yana 1 244 ta tibbiyot muassasasi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.

Yurtimizda birinchi tibbiyot tizimi quvvati 60 foizga oshib, ilgari faqat poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik amaliyotlarning 400 dan ortig‘i hududlarda ham amalga oshirilmogda. “Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani – bu xalq salomatligi yo‘lida erishilgan katta yutuq”, – dedi Prezident.

Shuningdek, so‘nggi yillarda erkaklar o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 71 yoshdan 73 yoshga, ayollarniki esa 76 yoshdan 77,5 yoshga uzaygani qayd etildi. Bu natijalarga 600 mingdan ziyod tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnati sabab bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Prezident inflyatsiyani jilovlash va dori-darmon narxlarini barqaror ushlab turish masalalariga ham to‘xtalib, ayrim markazlarda ajratilgan mablag‘ va uskunalardan samarali foydalanilmayotganini tanqid qildi. “Uskunalarning quvvatidan atigi 25 foiz foydalanilmogda. Bunday holatni o‘zgartirmasak, sohada natija bo‘lmaydi”, – dedi davlat rahbari.

Shuningdek, tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish, xorijiy hamkorlarni jalb etish, klinik protokollarni yangilash va zamonaviy tibbiy jamoani shakllantirish zarurligi uqtirildi.

Yig‘ilish yakunida Prezident soha vakillarini davlat mukofotlari bilan taqdirladi. Ular orasida xorijda tahsil olgan va mamakatga qaytib kelib, ilgor muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar ham bor.

    Boshqa yangiliklar