Buxoroda qassobchilik sohasi bo‘yicha xalqaro standartlar asosida tayyorgarlik ko‘rayotgan fuqarolar Germaniyada oyiga 4400 yevro maoshli ishga jo‘natiladi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Buxoro hududiy filiali ma’lum qildi.
Kuni kecha filialda Germaniyaning "The International People" rekruiting tashkiloti rahbari Tomas Förster boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokarada ish beruvchi tashkilot oldiga qo‘yiladigan talablar, mehnat muhojirlari uchun yaratilayotgan qulaylik va shart-sharoitlar muhokama qilindi. Xususan, Germaniyada qassobchilik yo‘nalishida ishlash istagida bo‘lgan nomzodlarni 3–6 oy davomida xalqaro standartlar asosida o‘qitish, jarayonga xorijiy mutaxassislarni jalb etish hamda talabgorlarning til va kasbiy mahoratini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Germaniya tomoni tashabbusi bilan Buxoroda qassobchilik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholash hamda sertifikatlash markazini tashkil etish, buning uchun maxsus joy ajratish rejasi ham muhokama qilindi.
Dasturning ilk bosqichida 20 nafar fuqaroni bepul kasbiy tayyorgarlik va nemis tili kurslariga jalb etish, ularni qisqa muddat ichida hujjatlashtirib, Germaniyaga ishga yuborish ko‘zda tutilgan. Keyinchalik, 100 nafar fuqaroni oyiga 4400 yevro maoshli qassobchilik ish o‘rinlari bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomas Förster mazkur tashabbusni Buxoroda ishsizlikni qisqartirish, aholini bandlik bilan ta’minlash hamda xorijiy mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim qadam sifatida baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlikni izchil davom ettirish va amaliy natijalarga erishish bo‘yicha kelishib oldilar.






