O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb mamlakatda bo'lib turibdi.
Oliy martabali mehmon mamlakatning noyob durdonasi, o'tmish va kelajakni bir nuqtada birlashtira olgan majmua – O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Prezident Aleksandr Stubbga markaz rahbariyati va olimlar hamrohlig qilib, jahon ilm-fani va islom olamida ulkan ahamiyat kasb etguvchi mazkur majmuaning ahamiyati to'g'risida batafsil ma'lumot berishdi.
Darhaqiqat, markaz ekspozitsiyalarida namoyish etilayotgan 1000 ga yaqin loyihalarning 400 dan ziyodi xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgani, bu esa dunyo olimlarini ilmiy tadqiqotlar sari chorlayotgani va birlashtirayotgani Islom tsivilizatsiyasi markazining ahamiyatini bugun yanada yuksaltirdi.
Finlandiya Prezidenti mazkur dargohda muzey, ko'rgazma zallari bilan alohida qiziqib, O'zbekistonning madaniy merosi jahonda qay darajada bebaho ekanligini e'tirof etdi.
Tashrif asnosida Prezident Aleksandr Stubb O'zbekistonda qadriyatlarni avaylash va ajdodlarga ehtirom ko'rsatish yo'lida barpo etilgan ushbu ilmlar maskani – Islom tsivilizatsiyasi markazi kelgusi avlod kamolotiga chin ma'noda xizmat qilishi borasida tushunchalarga ega bo'ldi.
Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb:
“Rostini aytganda, bu yerda men beqiyos taassurotlar girdobiga tushib qoldim. Har bir ekspozitsiya, har bir zal, har bir detal chuqur o'ylangan. Uch ming yillik tarixni bugungi avlodga shu darajada zamonaviy shaklda yetkazib berish – bu yuqak san'at va buyuk mahorat talab etadi.
Bu Markaz nafaqat asrlar merosini qayta jonlantirgan, balki kelajak avlod uchun ham ilhom manbaiga aylangan. Ayniqsa, interaktiv namoyishlar va innovatsion texnologiyalar yoshlarni o'ziga jalb etadi. Ular bu yerda tarixni o'qimaydi – uni his qiladi.
Markazda yaratilgan muhitda zerikishning o'zi mumkin emas. Har bir sahna, har bir yoritilgan tafsilot o'ziga xos. Men bu yerdan ulkan minnatdorlik va hayrat bilan chiqyapman.”
Milliy an'analarni namoyish etuvchi bezaklar, mahobatli peshtoqlar va gumbaz salobati bu erga keladigan har qanday xorijliklarning Turon zamini va uning uch ming yillik tarixidan baxabar etish bilan birga, O'zbekistonning kelajagi haqida ham taassurotlarni uyg'otishi tabiiy.






